Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
"Kontexnazorato‘quv" davlat muassasasi (DM) rahbariyati va jamoasi barchangizni qutlug‘ ayyom — 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy dildan muborakbod etadi.
Inson xotirasi bilan tirik, qadri bilan ulug‘dir. Xalqimiz bugungi yorug‘ kunlar, tinch va osoyishta hayot, musaffo osmon uchun o‘z jonini fido qilgan mard va jasur ajdodlarimizning xotirasini hamisha muqaddas biladi, ularning beqiyos jasorati oldida ta’zim qiladi. Ikkinchi jahon urushining suronli yillarida frontda qahramonlik ko‘rsatgan, front ortida mashaqqatli mehnat qilib, G‘alabaga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan ota-bobolarimiz va onalarimizning fidoyiligi hech qachon unutilmaydi.
Shu bilan birga, bugungi dorilamon kunlarimiz qadriga yetish, yurtimiz mustaqilligi va sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan o‘g‘lonlarimizni yodga olish, oramizda hayot bo‘lgan faxriylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish har birimizning insoniy burchimizdir.
Mamlakatimiz sanoat va konchilik sohalarida xavfsizlikni ta'minlash, bu borada yetuk va malakali mutaxassislarni o‘qitib tayyorlashdek mas’uliyatli vazifani bajarib kelayotgan "Kontexnazorato‘quv" DM jamoasi ham yurtimizdagi tinchlikni eng oliy ne’mat deb biladi. Zero, har qanday sohadagi rivojlanish, taraqqiyot va mehnat xavfsizligi faqatgina tinch va osoyishta davlatdagina bardavom bo‘ladi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan malakali kadrlarning halol mehnati esa Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Ushbu qutlug‘ kunda barcha urush va mehnat faxriylariga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilaymiz. Yurtimiz osmoni hamisha musaffo, el-yurtimiz tinch, Vatanimiz daxlsiz bo‘lsin!
Xonadonlaringizni xotirjamlik, fayzu baraka tark etmasin!
Hurmat bilan,
"Kontexnazorato‘quv" DM jamoasi
