Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida Yaponiyaning ITO Corporation kompaniyasi va «Hududgazta’minot» AJ vakillari o‘rtasida mamlakatimizda suyultirilgan uglevodorod gazlari (SUG) va havoni aralashtirish orqali sintetik tabiiy gaz (metan) ishlab chiqarish uskunalarini joriy etish masalalari yuzasidan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ITO Corporation kompaniyasidan Shinji Saito va Daisuke Hayashida, Qo‘mitadan nomidan Metodik ta’minlash va normativ xujjatlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i X.Yusupov, bo‘limi bosh-mutaxassisi A.Akbarov, Nazorat-profilaktika ishlarini rejalashtirish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i I.I.Asadov, bo‘limi bosh-mutaxassisi M. Saydazimovlar hamda «Hududgazta’minot» AJning Biznes strategik rivojlantirish, investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari X. Abdulazizovlar ishtirok etishdi.
Muzokaralar davomida ushbu loyihani O‘zbekistonda amalga oshirishning texnologik jihatlari hamda uskunalardan foydalanish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Yaponiyalik mutaxassislar bunday texnologiyalarni joriy etishdagi tajribalari bilan o‘rtoqlashib, taklif etilayotgan yechimning afzalliklarini alohida ta’kidlashdi. Uchrashuvda ishlab chiqarish xavfsizligi, energiya samaradorligi va loyihaning respublika hududida amaldagi normativ talablarga muvofiqligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun keyingi hamkorlik va hamkorlikni muvofiqlashtirish yo‘llarini muhokama qilishdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, hamkorlikni davom ettirish va loyihani rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish zarurligi bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi.