Aholini va hududlarni xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalardan muhofaza qilishni taʼminlash hamda davlat organlarini, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini va aholini sanoat xavfsizligining holati toʻgʻrisida xabardor etish maqsadida xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini ishlab chiqadi.
Ushbu Qonun 4-moddasi 1-bandining
ikkinchi,
uchinchi va
toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan xavfli moddalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan eng yuqori normaga teng yoki undan ortiq miqdorlarda ishlab chiqariladigan, foydalaniladigan, qayta ishlanadigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yoʻq qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektlari uchun sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini ishlab chiqish shart.
Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya xavfiga berilgan har tomonlama bahoni, avariyaning oldini olish, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishga, shuningdek avariyaning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va uning oqibatlarini tugatishga tayyorligini taʼminlash yuzasidan koʻrilgan choralarning qay darajada yetarli ekanligining tahlilini oʻz ichiga olishi kerak.
Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari tarkibida ishlab chiqiladi hamda xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatga litsenziya olish uchun murojaat qilingan, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasidagi maʼlumotlar oʻzgargan yoki sanoat xavfsizligi talablari oʻzgargan taqdirda, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasiga aniqlik kiritiladi yoki u yangidan ishlab chiqiladi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini tasdiqlagan rahbari undagi maʼlumotlarning toʻliqligi hamda ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan
tartibda ishlab chiqiladi va davlat organlariga, jamoat birlashmalariga hamda fuqarolarga taqdim etiladi.